O`TGAN BESH YIL:TUMANIMIZDA QANDAY OBYEKTLAR QURILDI?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Har bir kunimiz yangiliklar bilan kechayotir. Kun sayin har sohada rivojlanish, o'zgarishlar. Biz jahon andozasi asosida ishlashni, yashashni o'rganib, shunga intilmoqdamiz. Qayerga bormaylik chiroyli imoratlarga ko'zimiz tushadi. Shunday damlarda xalqimizning farovonlik sari intilayotganini ko'rib mamnun bo'lamiz.

Ha, juda ko'p obyektlar qurilmoqda. Yo'llar kun sayin ravonlashmoqda. Qishloqlarni bog'lovchi ichki yo'llarni ta'mirlashga ham e'tibor qaratilmoqda. Bir yo'l sozlangach, ikkinchisida yana ta'mirlash ishlari ketayotir. Xalqimizning ongi, tafakkuri ham bugun yuksak manzillarni ko'zlayotganligi rost. Prezidentimiz oldinga surayotgan "Xalqimizning o'tayotgan har bir kunidan rozi bo'lib hayot kechirishi kerak" degan g'oyasi  hayotning barcha jabhalariga o'z o'rnini topayotganligi rost. Rahbarlar zimmasida ulkan mas'uliyat. Qaysi soha, qaysi rahbar bo'lmasin  xalqimizga xizmat qilishni asosiy maqsad qilib olgan. Fikrimizning isboti uchun tumanimizda keyingi 4-5 yilda amalga oshirilgan shiddatli, keng ko'lamli qurilish ishlarining ayrim natijalariga to'xtalib o'tamiz.

Ishtixon tumanida so'nggi 5 yil davomida jami 147 mlrd 326 mln so'mlik 89 ta ijtimoiy soha obyektlarida  qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan bo'lib, shundan: -33 ta umumta'lim maktablari,   12 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasasi,  9 ta sog'liqni saqlash, 4 ta sport, 18 ta ichimlik suvi obyektlari, nuroniylar maskani, yopiq suv havzasi, “Yoshlar kutubxonasi”, Davlat xizmatlari markazi, yangi prokuratura, tuman sudlari binosi,  "Ustozlar xiyoboni" nomli dam olish maskani, Bandlikka ko'maklashish markazi binosi hamda 6 ta boshqa obyektlarning qurilish ishlari   tugatilib,  barchasi foydalanishga topshirildi.

Barchamizga ayonki, yo'l-qurilish ishlari doimiy ta'mirlanib turiladigan jarayondir. Yo'l va ko'prik qurilishi bo'yicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2016-2020 yillarda tumanda 62 ta mahallada  jami 403,3 kilometr qishloq ichki yo'llari ta'mirlanib, asfalt va qum-shag'al  aralashmasi yotqizildi.

2021 yilda esa jami 125,6 kilometr yo`lni ta'mirlash rejalashtirilgan bo'lib,   hozirgi kunda 80 foiz asfalt va qum-shag'al yotqizish ishlari amalga oshirildi. 

Ishtixon - Mitan oralig'ida  loyiha qiymati 7 mlrd   334 mln so'mga teng bo'lgan 2 ta ko'prik qurilib, foydalanishga topshirildi. Ya'ni bunda - 5 mlrd 334 mln so'm evaziga  uzunligi 78 metr Oqdaryo daryosini ustidan o'tgan ko'prik va   qiymati 2 mlrd so'mga teng bo'lgan Mitan shaharchasidagi  To'sinsoy kanali ustidan o'tgan 42 metr uzunlikdagi ko'priklar qurilib, aholi uchun qulay imkoniyatlar yaratildi.

Kam ta'minlangan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini uy-joy bilan ta'minlash borasida ham bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. 2016-2020 yillarda tumandagi 11 ta massivda jami 574 ta namunaviy loyihalar asosidagi uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu uylarda bugun kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va yolg'iz oilalar istiqomat qilishmoqda. Bunday saxovat va e'tibor o'zbek xalqiga xos fazilat, mehr va oqibatimiz timsolidir.

Kuzating, yangi uy-joy qurilgan hududlardan  Ko'tarma MFYning  Ko'tarma massivida jami 210 ta uy-joy qurilib, kichik shaharcha barpo etildi. Joriy yilda esa Qaychili va Xalqobod massivlarida jami 120 ta xonadonga mo'ljallangan 6 ta 5 qavatli uy-joylar qurilishi yakunlanishi arafasida turibdi.  Ushbu xonadonlarda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar  hayot kechiradilar.

Besh yil mobaynida, 7 ta, ya'ni Sheyxlar, Xina, Xalqobod, Sheyxlarkent, Bo'ston, Ravot va Toytuyoq  qishloqlari qiyofasi "Obod qishloq" dasturi doirasida  tubdan o'zgartirildi. Ravon yo'llar, tungi yoritgichlar charog'on qilib turgan qishloqlarda xalqimiz hayot farovon kechirmoqda. Bu Yangi O'zbekiston-ning yangicha o'zgarishlar sari intilishidir.

 

Matluba RABBIMOVA.

2015-2024 © Ishtixon tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM