"Ochiq muloqot": Ishtixon tumani hokimi Shuhrat Negmatovga 50 savol

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

– Koʻktepa mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Chinoq qishlogʻining ichki yoʻllari yaroqsiz holga kelib qolgan. Katta yoʻlga chiqib olish va qaytishda texnika ham, oʻzimiz ham “it azobini“ yeymiz. Joriy yilda shu yoʻlimiz asfalt qilinadimi?

– Tumanimizda 1336 kilometr ichki yoʻllarning 723 kilometri taʼmirtalab ahvolda. Oʻtgan yili ushbu yoʻllarning atigi 19 kilometrini taʼmirladik, xolos. Agar shu tarzda yiliga 20 kilometr yoʻlni asfalt qilgan taqdirda ham ichki yoʻllarimizni 65 yildan ziyod vaqt mobaynida toʻliq taʼmirlab boʻlar ekanmiz. Joriy yilda mahalliy byudjet daromadlarini oshirish hisobidan 50 kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlashni rejalashtirganmiz. Shu bois Chaqar qishlogʻidagi yoʻllarni baholiqudrat taʼmirlash choralarini koʻramiz.

Ishtixon tumani hokimi Shuhrat Negmatov bilan oʻtkazilgan viloyat teleradiokompaniyasining navbatdagi “Ochiq muloqot“ koʻrsatuvida tuman mutasaddilari aholi bilan ana shunday oshkora muloqotda boʻldi.

– 2018 yilda oʻtkazilgan “Ochiq muloqot“ dasturida tumanimizning 26 nafar fuqarolari tomonidan 28 ta murojaatlar bildirilgandi, – dedi tuman rahbari. – Shu bahona xal­qimizning turmush tarzida uchrayotgan muammolar, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bilan jiddiy shugʻullandik. Chunki bu murojaatlarni oʻzimizdan tashqari, viloyat hokimligi, tuman jamoatchiligi nazorat qilib turdi. Buning samarasida ilk muloqotimizda bildirilgan masalalar toʻliq ijobiy hal etildi.

Bugun xalqning dardini har bir xonadonga kirib oʻrganyapmiz. Ammo bizning eʼtiborimizdan chetda qolayotgan ayrim jihatlarni odamlar mana shu telemuloqotlar orqali bayon etmoqda. Koʻrsatuv yordamida aholiga yanada yaqinlashib, tumandagi korxona va tashkilotlar mutasaddilarini jalb etgan holda odamlarning muammolariga yechim topishga harakat qilyapmiz.

Taʼkidlanishicha, 2018 yil davomida tuman aholisidan hokimlikka 1300 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Ularning toʻrttasiga rad javobi berilgan. Mingga yaqin murojaatga tumanning oʻzida ijobiy yechim topilgan. Qolgan masalalar respublika miqyosida hal etiladigan masala boʻlgani bois tegishli tashkilot va vazirliklarga talabnomalar kiritilgan.

– Gaz balloniga extiyojimiz bor. Ariza berganimizga bir yil boʻldi. Mutasaddilar faqat vaʼda berishdan nariga oʻtishmayapti. Qishning sovuq kunlarida oʻchoqda ovqat qilishga majbur boʻlyapmiz. Muammomizni hal etishda yordam bering, – deb murojaat qildi tumanning Boʻron­xoʻja mahallasida istiqomat qiluvchi Hamroz Davronov.

– Tumanimiz aholisi uchun 2018 yilga moʻljallangan 1950 ta oʻrniga 2200 dan ziyod suyultirilgan gaz ballonlari tarqatdik, – dedi tuman gaz taʼminoti idorasi rahbari Ulugʻbek Shakarov. – Bu yil xalqimizning ehtiyojidan kelib chiqqan holda ushbu raqamni yana ikki barobarga oshirishni reja qilyapmiz.

Muloqot davomida yoʻllarni taʼmirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi taʼminotini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha aholining 50 dan ziyod murojaati tinglandi, taklif-mulohazalar bildirildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri berilgan savollarga studiyaning oʻzida javob izlandi. Koʻtarilgan masala va takliflar, yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilariga topshiriqlar berildi.

 

Abdugʻofur SHERXOLOV.

2015-2024 © Хокимият Иштыханского района. Разработан в: SAKTRM