МAQSAD -TEZKOR, XAVFSIZ VA SAMARALI XIZMAT

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Zamonamiz  tezkor, axborotlar xilma-xil, maqsadlar ham shunga mos ravishda turli-tuman. Mana shunday bir vaziyatda internet tarmoqlari xizmatidan foydalanmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Ularning talab va istaklari, xohish va qiziqishlari ham turfa xil. Ammo, katta yo‘lga chiqqan har qanday yo‘lovchi faqat bexatar va istiqbolli manzilni ko‘zlagani kabi axborot olamiga kirib kelayotgan kishilar ham xavflardan xoli bo‘lishni, biror  noto‘g‘ri yo‘nalishlarga kirib qolmaslik va bundan aziyat chekmaslikni istaydi, albatta.  Bu esa shunchaki  istak bilan amalga oshmaydi. Buning uchun har bir mijozdan zukkolik, bilim, keng dunyoqarash va albatta, hushyorlik talab etiladi. 

 Internet olami juda keng, undan istagan ma'lumotni qidirib topish va foydalanish mumkin. Shu o‘rinda, mijozning  veb-sayt, turli kanallar yoki boshqa guruhlar orasidan eng xavfsiz, qulay, tezkor va xolis manbalarni qidirib topa bilishi muhimdir. 

 Yaqinda tuman hokimligi faollar zalida tumandagi barcha umumta'lim maktablari rahbarlari va ijodiy-ma'naviy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchilari, maktabgacha ta'lim muassasasi rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida aynan mana shu masala yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. “MARTABA.UZ” internet veb-sayti faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda yuridik fanlar nomzodi, Samarqand huquqshunoslik texnikumi direktorining birinchi o‘rinbosari Xayrullo Mamatov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.

 -Bugun xonadonlarimizga ruxsat so‘ramasdan, eshiklarni taqillatmasdan kirib keladigan ta'sirlar juda ko‘p,- deya ta'kidladi X.Mamatov.- Internet tarmoqlari orqali har kuni minglab axborotlar kirib keladi. Ularni qanday qabul qilish esa insonning o‘z ma'naviyati, huquqiy savodxonligi va bilim darajasiga bog‘liqdir. Bugungi kunning eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan huquqiy savodxonlik bo‘yicha Prezidentimizning 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni,  Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus, Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasi, shuningdek, 2021 yilning 19 yanvar' kuni bo‘lib o‘tgan   “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish” masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi va shu kabi bir qator qonun hujjatlarda belgilab qo‘yilgan talablardan kelib chiqib, “martaba.uz” veb-sayti o‘zining bir qator  onlayn xizmat turlarini yo‘lga qo‘ydi.

Ta'kidlash joizki, “Martaba.uz” internet veb-saytidan ro‘yxatdan o‘tib, saytga a'zo bo‘lgan fuqarolar huquqshunos xizmatlari, bir qator xorij tillari va komp'yuter saboqlarini tez va oson o‘rganish, fanlar kesimi bo‘yicha abiturientlar uchun tayyorlangan videodarslardan foydalanishlari mumkin.  Veb-saytda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus” talablaridan kelib chiqib, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ularni rassomchilik, san'at,   sport, komp'yuter va internetdan, kitobxonlikka shuningdek, komp'yuter, printer va shu kabi texnik uskunalarga servis xizmatlari ko‘rsatish,  keng ommani ayniqsa, yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqish va intilishlarini hamda ularning safini yanada orttirish maqsadida tayyorlangan biznes rejalar va ular asosida tayyorlangan videoroliklar mavjud.  Shuningdek, yuqori malakali psixolog va shifokorlar xizmati, fuqarolik sudlariga  murojaat qilish tartibi hamda ariza namunalari bilan tanishish, foydalanish, qizlar uchun chevarlik san'atini o‘zlashtirish, yosh ota-onalar farzand tarbiyasi hamda hayot yo‘lida  duch kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy yetishmovchiliklardan chiqib ketish, muvaffaqiyatga erishish va shu kabi zarur maslahat olishingiz mumkin. Bundan tashqari, “martaba.uz”  internet veb-saytiga obuna bo‘lgan aholi vakillari o‘rtasida barcha yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab olgan “Onlayn test” tanlovlari o‘tkazilib, respublikamiz bo‘yicha tanlov g‘oliblari qimmatbaho sovg‘a  hamda maxsus diplomlar bilan rag‘batlantirib boriladi.

“Martaba.uz”  internet veb-sayti ko‘zi ojiz, nogiron, imkoniyati cheklangan hamda chin yetimlarga onlayn xizmatlardan foydalanish borasida imtiyozlar berish, chekka tuman va qishloqlarda bepul kitoblar tarqatish, shuningdek, beshinchi tashabbus, ya'ni xotin-qizlar bandligini ta'minlashga ham ko‘maklashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Shu bilan bir qatorda, tegishli vazirlik, idoralar hamda sayt obunachilarining taklif va tavsiyalari asosida qo‘shimcha onlayn xizmat turlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirilgan.

Ushbu onlayn xizmat turlarini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad, keng ommaga, xususan yoshlar ongiga huquqiy bilimni singdirish, ularning huquqiy-ma'naviy savodxonligini oshirish, O‘zbekiston Oliy Majlisi, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinayotgan Qonun, Farmon, Qarorlarining shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasining mazmun va mohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish bilan birgalikda, ularni vatanparvarlik va   qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash hamda har bir shaxsda qonunga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Tadbirda ana shu imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. 

 

M. HAYITOVA,

“Ishtixon ovozi”ning maxsus muxbiri.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM