BARCHA BILIMLAR POYDEVORI

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimiz Prezidenti "...bog`cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o`qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz  intilayotgan uchinchi  Renessansning to`rt tayanch ustuni"-deb atagani  barcha ziyolilarimiz zimmasiga ulkan mas'uliyat  yuklaydi. Chunki ular ilm-fan, madaniyat, san`at va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha  sohalarini yuksak  cho`qqilarga olib chiqadigan "lokomotiv" vazifasini  bajarishlari zarur.
Ammo, barcha bilimlarni  o`rganish tildan boshlanadi va bu jarayon til vositasida amalga oshadi. Masalan, matematika yoki kimyo fanlari deysizmi, tibbiyot yoki muhandislik sohalari  deysizmi - barcha  bilim  va tushunchalari, masala va muammolari ustozlar  tomonidan til orqali tushuntiriladi hamda  shogirdlar tomonidan  til vositasida qabul qilinadi. Tilni mukammal  bilmasdan turib yetuk mutaxassis  bo`lish  mushkul deb  o'ylayman. Ayniqsa, hozirgi  zamonning murakkab taraqqiyot jarayonlari ilm ahli hamda o'qituvchilar, siyosatchilar oldiga juda katta talablar qo'ymoqda, ya'ni zamonning shiddatli o'zgarishlaridan ortda qolmaslik uchun bir nechta tillarni mukammal bilish, juda katta axborot zaxirasiga ega  bo'lish hamda murakkab ilmiy-amaliy texnolo-giyalarni tushunish zarur bo'lmoqda.
O'tmishda juda ko'p ilmiy ma'lumotlar, badiiy asarlar avval yunon va lotin tillarida, so'ng arab va fors tillarida jamlangan bo'lsa, bugungi kunga kelib juda katta bilimlar zaxirasi rus va ingliz tilidagi manbalarda jamlandi. Malakali mutaxassis bo'lish  uchun o'z ona tilimiz bilan birga rus va ingliz tillarini hamda axborot texnologiya-larini ham mukammal egallash ehtiyoji paydo bo'ldi. Fransuz yozuvchisi Volter ta'biri bilan aytganda, "Ko'p tilni bilish-bitta qulfga tushadigan bir nechta kalitga ega bo'lish degan gap". Hali yechilmagan muammolarni go'yo bir qulf deb tasavvur qilsak, uni ochadigan kalit tildir. O'z ona tilini mukammal bilmagan o'quvchi  murakkab darslar va ustozining gaplarini tushuna olmaydi, shu bilan birga chet tillarini o'rganishda ham muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Chunki har qanday tilni mukammal bilish-muayyam bir xalqning ruhiyati, ma'naviyati, urf-odatlari, rasm-rusumlari, madaniyati, san'ati va tarixini bilish orqaligina ro'yobga chiqadi. Yetmishta tilni bilgan Abu Nasr Farobiyning "Muallim us-soniy" (''Ikkinchi muallim" ya'ni butun dunyoning Aristoteldan keyingi muallimi) darajasiga yetgani, uchta tilda bemalol ijod qila olgan A.Navoiyning yetuk asarlari olam ahlini lol qoldirishi bir nechta tillarni mukammal bilish inson kamolotining muhim shartlaridan  biri ekanligiga dalildir.
Yana Uchinchi Renessans mavzusiga qaytadigan bo'lsak, buyuk ajdodlarimiz amalga oshirgan Birinchi va Ikkinchi  Renessanslarning til taraqqiyoti va bu yo'nalishdagi, muhim asarlar yaratilishi bilan chambarchas bog'liq. Misol tariqasida  Mahmud Zamaxshariyning "Al-Mufassal'', "Muqaddimat ul-adab'', “Asos ul-balog'a”, Mahmud Qoshg'ariyning ''Devonu  lug'otit-turk'' (Birinchi Renessans), Alisher Navoiyning "Muhokamat ul-lug'atayn", "Sab'atu abhor",  Z.M.Boburning "Xatti Boburiy" (Ikkinchi Renessans) asarlarini sanab o'tish mumkin. Notiqlik  mahoratiga ega bo'lmagan siyosatchi xalqni ergashtira olmagani kabi tilni mukammal egallamagan pedagog o'quvchini ishontira olmaydi, aniqrog'i qalbiga yo'l topa olmaydi. Elimizni e'zozlamoqchi, farovon hayotga erishmoqchi bo'lsak, barcha bilimlarning poydevori bo'lgan tilni e'zozlaylik. Olamni obod qiladigan ham, vayron qiladigan ham, odamlarni yo'lga soladigan ham, yo'ldan ozdiradigan ham eng zamonaviy qurollardan biri bo'lgan tildir.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM