Sobir Rahimov diviziyasi jangchisi Usmon Eshbekov uy-muzeyiga sayohat qilindi.

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Sobir Rahimov diviziyasi jangchisi Usmon Eshbekov uy-muzeyiga sayohat qilindi.

Ishtixon tumani Tallak qishlog‘ida joylashgan ushbu uy-muzeydagi uchrashuvga shoir, yozuvchi, ziyoli hamda harbiylar taklif etildi.
Usmon Eshbek 1941-yilgacha Oqdaryo tumanidagi Oytomol qishlog‘ida maktab o‘qituvchisi bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Eshbek otaning to‘rt o‘g‘li - Sunnatilla, Omon, Ismon va Usmon Eshbekovlar jangga otlangan. Ko‘p o‘tmay Sunnatilla va Omondan qora xat keladi...
Usmon Eshbekov Sobir Rahimov qo‘mondonlik qilayotgan 37-gvardiyachi o‘qchi diviziyasi tarkibida jang qildi. 1944-yil boshlarida Usmon jangda yarador bo‘ldi. O‘sha kezlarda Oliy bosh qo‘mondonning buyrug‘iga binoan urush nogironi bo‘lgan o‘qituvchilar zaxiraga bo‘shatilib, ular zimmasiga tezda maktablarni qaytadan ochish vazifasi yuklatiladi.
Usmon Eshbekov urushdan nogiron bo‘lib kelgan paytida ularning Tallak qishlog‘i Oqdaryodan Ishtixon tumani tarkibiga o‘tkazilgan edi. Shu tariqa bu qishloqda ham maktab ochish zaruriyati paydo bo‘ldi. O‘z davrining ilg‘or ziyolisi Tallak qishlog‘ida hozirgi 7-o‘rta maktabni bunyod etishda va urush tufayli to‘xtab qolgan ta’lim sohasini yo‘lga qo‘yishda faollik ko‘rsatadi. 1960-yillargacha kechki maktabda dars berib, kunduzi xo‘jalik ishlarida mehnat qiladi.
Usmon Eshbekovning umr yo‘ldoshi Xursand Normatova uy bog‘chasi tashkil etib, uzoq yillar qishloqda dalaga chiqadigan ayollarning yosh bolalarini parvarish qildi. O‘zi 10 nafar farzandni voyaga yetkazib, “Qahramon ona” bo‘ldi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan “1941-1945: O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” kitob-albomida Usmon Eshbekovning “Biz Rahimovchilar edik” sarlavhali maqolasi surati bilan kiritildi.
O‘tgan yili Usmon Eshbekov tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan u yashagan xonadonda uy-muzey tashkil etildi. Muzeydan jangchining harbiy formasi, olgan unvon, medallari, suratlari va kitoblar joy olgan. Hatto oilaviy shajarasi, o‘sha davr ruhini aks ettiruvchi ro‘zg‘or buyumlari ham bor.
Tadbirga yig‘ilganlar jangchi va uning oilasi haqida iliq gaplarni aytdi. Ayniqsa, Usmon Eshbekovning o‘g‘li, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi To‘lqin Eshbekning xizmatlarini e’tirof etishdi.
- To‘g‘risi, ko‘p shahar, tumanlarda mehnat qildim, ammo otasining xotirasini yod etib, uy-muzey tashkil etilganini Ishtixon tumaniga kelib ko‘rdim, - dedi tuman hokimi Fazliddin Ro‘ziyev. – Uy-muzeyni ko‘rib, havas qildim va uyimda shunday uy-muzey tashkil etishni niyat qildim. Kelajak avlod bobosi kim bo‘lgan, otasi kim bo‘lgan, ular qanday ishlarni bajarganini bilishi kerak. Tarixini bilgan millat o‘zligini unutmaydi.
Tadbirda Samarqand markaziy harbiy okrugi harbiylari tomonidan qilingan chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi va tuman hokimligi tomonidan uy-muzeyga kitoblar sovg‘a qilindi.

Xurshida ERNAZAROVA.
 

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM