insurez
10-06-2025 10:59

INTELLEKTUAL MULK SOHASIDAGI NIZOLARNI HAL ETISHDA XORIJIY MAMLAKATLAR TAJRIBASI


INTELLEKTUAL MULK SOHASIDAGI NIZOLARNI HAL ETISHDA XORIJIY MAMLAKATLAR TAJRIBASI

Intellektual mulk huquqi sohasidagi nizolar, bu tasnifdagi obyektlarning ayrimlarini biron bir muhofaza hujjatisiz himoya qilinishligi (masalan, mualliflik huquqi obyektlari), huquqbuzarlik sodir yetgan shaxslarning huquqiy bilimlari mavjud emasligi yoki bugungi kunda sud yoki nizoli masalalarni muqobil usulda yechishga doir boshqa institutlarning bu yo‘nalishdagi amaliyotining kam ekanligi tufayli biroz murakkab hamda o‘ziga xos sanaladi.

Hozirgi kunda jahonda intellektual mulkning rivojlanishi kun sayin ortib bormoqda. Ushbu sohaning rivojlanishi uni himoya qilishga bo‘lgan talabning ham ko‘payishiga olib keladi. Bu borada esa sudlarning o‘rni beqiyos hisoblanadi. Intellektual mulk sohasidagi nizolarni hal etishda sudlarning ahamiyati va o‘rni haqida ba’zi xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganib chiqilganda, AQSH va Yevropa va MDH davlatlarida turilcha amaliyotlar mavjuddir.

Intellektual mulk huquqlarining buzilishi holatlarida eng muhim himoya vositasi – bu  dastlabki sud qarori hisoblanadi. Germaniyada unga rioya qilmaslik, 250 ming yevrogacha jarimaga tortilishga asos bo‘ladi. Intellektual mulkning boshqa turlari bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sud huquqning turiga, haqiqiy emas deb topish asoslariga va muayyan prosessual vaziyatga qarab ularning haqiqiyligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Germaniyada patentlarning buzilishiga oid ishlarning aksariyati Dyusseldorf okrug sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Germaniyada intellektual mulk sohasidagi ishlarni sud prosessida ko‘rish tartibi va jarayonlari da’vogar tomonidan shikoyat berish bilan boshlanadi. Ushbu sud majlisi odatda shikoyat berilganidan keyin 4 oydan 15 oygacha bo‘lib o‘tadi va asosan ishning murakkabligiga qarab davom etadi. Bundan tashqari, har bir tomon boshqa tomon taqdim etgan barcha faktlarga batafsil javob berishi kerak. Ushbu majburiyatni bajarmaslik boshqa tomon tomonidan e’lon qilingan faktlar e’tirof etilgan deb hisoblanishiga olib keladi. Tegishli fakt nizo bo‘lib qolgan taqdirdagina dalillar qabul qilinadi. Intellektual mulk sohasida, odatda, tomonlar o‘z holatlarini batafsil asoslaydilar, masalan, hujjatlar nusxalari, ma’lumotlar bazalaridan ko‘chirmalar, obektlarning fotosuratlari, o‘z mutaxassislarining fikrlari va boshqalar. Tomonlar asosiy jarayonni o‘tkazishlari va nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun vaqtga ega bo‘lishlari mumkin. Ishlarning 50 foizdan ortig‘i mediatsiya yoki kelishuv yo‘li bilan hal qilinadi. Sud qarorini bajarmaslik 250 000 yevrogacha jarimaga tortiladi yoki har bir bajarilmaganlik uchun olti oygacha qamoqqa olinadi. Sudlar qoidabuzarliklarni to‘xtatish uchun odatda jiddiy jarimalar qo‘llaydi.

Ispaniyada intellektual huquqlar buzilgan taqdirda huquq egasi ikki xil talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Birinchidan, soxta mahsulotlarni tarqatishni to‘xtatishni, shuningdek, boshqa noqonuniy harakatlarni to‘xtatishni talab qilish mumkin. Ikkinchidan, zararni qoplashni talab qilish mumkin. Intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun Ispaniya Fuqarolik prosessual kodeksi ham mavjud bo‘lib, bu da’volarni qo‘yish va intellektual mulk huquqlarini himoya qilish uchun dastlabki choralarni ko‘rish uchun asos hisoblanadi.

Ispaniya sud tizimida intellektual mulk masalalari bilan shug‘ullanadigan maxsus sud mavjud emas. Ispaniya adliya organlarini shakllantirish, faoliyat yuritish va boshqarishni belgilaydigan sud tizimi to‘g‘risidagi Ispaniya Konstitutsiyaviy qonuni intellektual mulk sohasidagi yurisdiksiyani xo‘jalik sudlariga o‘tkazadi.

AQSHda intellektual mulk huquqini himoya qilish borasida federal hukumatda ikki turdagi ixtisoslashgan sudlar mavjud.

AQSH Savdo vazirligi tarkibiga kiruvchi AQSH Patent va tovar belgilari idorasida ikkita ixtisoslashgan sud (ikkita ma’muriy sud) mavjud bo‘lib: tovar belgilari bo‘yicha nizolar bo‘yicha tribunal va patent nizolari bo‘yicha tribunallardir. Ushbu ma’muriy tribunallarning qarorlari qoidaga muvofiq AQSH sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Ushbu ikki organning qarorlarini ko‘rib chiqish turli yo‘llar bilan amalga oshirilishi mumkin.

Arizani ko‘rib chiqish bosqichida e’tiroz ariza e’lon qilingan kundan boshlab 30 kun ichida berilishi kerak, ammo bu muddat e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan shaxsning iltimosiga binoan 90 kungacha uzaytirilishi mumkin. Tovar belgisiga huquqiy himoya berish to‘g‘risidagi qaror ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab besh yil ichida ariza berish yo‘li bilan e’tiroz bildirilishi mumkin, shundan so‘ng ro‘yxatga olish e’tirozsiz bo‘lib qoladi,

AQSH okrug sudlari va AQSH Patent va tovar belgilari bo‘yicha idorasining nizolar palatalaridan tashqari, AQSHdan tashqarida paydo bo‘ladigan intellektual mulk huquqlarini buzish holatlarini ko‘rish uchun yana bir ixtisoslashgan organ – Xalqaro savdo komissiyasi mavjud. Komissiya ixtisoslashgan yurisdiksiyaga ega bo‘lsada, u texnik jihatdan sud emas, balki Kongress tomonidan tijoratni tekshirish bo‘yicha keng vakolatlarga ega bo‘lgan mustaqil, kvazisudial federal agentlikdir. Komissiya, shuningdek, intellektual mulk huquqlarini buzayotgan import bilan bog‘liq ishlarni hal qilish huquqiga ega.

AQSH Patent va tovar belgilari bo‘yicha nizolar bo‘yicha palatalarining (ma’muriy tribunallar) vakolatlari cheklangan. Sud yoki ma’muriy sud ishni ko‘rib chiqishi, boshqacha aytganda, o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun bir qator shartlar bajarilishi kerak.

Rossiya Federatsiyasida intellektual mulkka doir ishlarni ko‘rib chiquvchi maxsus sudlar bor. Bu sudlar itellektual mulk sudi hisoblanadi. Intellektual mulk sudi ixtisoslashtirilgan hakamlik sudi bo‘lib, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq nizolar va da’volar bo‘yicha ishlarni sud sifatida qonun hujjatlarida belgilangan vakolat doirasida ikki instansiya: birinchi va kassatsiya instansiyalarida ko‘rib chiqadi. Rossiya Federatsiyasining Intellektual mulk sudi o‘z faoliyatini quyidagi tarkibda amalga oshiradi:

Sudyalar.

Sud tarkibi.

Prezidium.

Birinchi instansiyada sud ishlarini sudyalar kollegial tarkibi ko‘rib chiqadi. Ikkinchi instansiyada, ya’ni kassatsiya sudida apellyasiya ishlari quyidagi tarkibda ko‘rib chiqiladi:

1) Intellektual huquqlar bo‘yicha sud rayosati.

2) sudyalarning kollegial tarkibi.

Rossiyada Intellektual mulk sudini quydagi toyifadagi ishlarni ko‘radi. Jumladan birinchi instansiya sudi patent huquqi, individuallashtirish vositalariga bo‘lgan huquqlar, nou-xau va boshqa turdagi patent yoki foydalanilmayotgan tovar belgisini himoya qilishdan muddatidan oldin olib qo‘yish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga e’tiroz bildirish bo‘yicha nizolarni hal qiladi. Intellektual huquqlar bo‘yicha sudning kassatsiya instansiyasi sifatidagi vakolatlariga arbitraj sudlari yoki intellektual huquqlar bo‘yicha sudning o‘zidan keyin ishlarni ko‘rish kiradi. Organning yana bir vazifasi shundayki, ya’ni yangi holatlar mavjud bo‘lganda, intellektual mulk huquqi bo‘yicha sud qonuniy kuchga kirgan hujjatlariga nisbatan ko‘rib chiqadigan ishni ko‘rib chiqishdir.

Rossiya Intellektual mulk sudining bir qancha o‘ziga xos xususiyatlari bor. Jumladan;

keng hududiy yurisdiksiya egaligi ya’ni Rossiya Federatsiyasining butun hududi;

qarorlar ustidan shikoyat qilish imkoniyati yo‘qligi;

birinchi instansiyada ham ishlarni kollegial ko‘rib chiqish;

sudning jarayondagi faol roli shundaki sud o‘z tashabbusi bilan mutaxassislar bilan maslahatlashish uchun so‘rov yuborishi mumkin.

Intellektual mulk huquqlari bo‘yicha nizoni sud birinchi instansiya hakamlik sudi sifatida ko‘rib chiqadi va ishlar sudyalarning kollegial tarkibi tomonidan hal etiladi. Intellektual mulk huquqlari bo‘yicha sudning birinchi instansiya sudi sifatida qabul qilgan qarorlari ular qabul qilingandan keyin darhol kuchga kiradi. Bunda faqat kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin. Ishlar va ajrimlarni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish Intellektual mulk huquqlari bo‘yicha sud Rayosati tomonidan Rossiya Federatsiyasining Arbitraj prosessual kodeksida ishlarni kassatsiya instansiyasida muayyan xususiyatlarga ega qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Rossiya Federatsiyasining Arbitraj prosessual kodeksining 188-moddasiga binoan, sudning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan ajrimi ustidan shikoyat kassatsiya instansiyasi sifatida sud riyosati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Belarusiya Respublikasida intlektual mulk bilan bo‘g‘liq nizolar Belarus Respublikasi Oliy sudining intellektual mulk bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ishlar ishning turiga va murakkabligiga qarab ikki xil ko‘riladi. Birinchisi Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi nizolar bo‘yicha fuqarolik ishlari Belarus Respublikasi Oliy sudining intellektual mulk bo‘yicha sudlov hay’atida birinchi instansiyada faqat sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ikkinchisi esa sanoat mulki obyektlarini yaratish, huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llashdan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha fuqarolik ishlari – 3 ta sudyadan iborat tarkibda ko‘riladi. Shuningdek, Intellektual mulk obyektlarini yaratish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llashdan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar, shuningdek Patent organi huzuridagi Apellyasiya kengashi qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar bo‘yicha ishlar Belarus Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Intellektual mulk bo‘yicha sud kollegiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sudyalar kollegiyasi 7 nafar sudya va uning rayisi hay’at tarkibiga kiradi.

Xulosa o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasida ham Intellektual mulk sudini tashkil qilish va uning vakolatiga mamlakat hududidagi barcha intellektual nizolarni ko‘rish huquqini berish maqsadga muvoiq bo‘ladi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Farg‘ona, Toshkent va Samarqand hududlarida bugungi kunda intellektual mulk nizolari ko‘p uchramoqda. Ushbu viloyatlar markazida hududlararo sudlarni tashkil qilish mumkin. Hozirgi vaqtda Turkiyaning Izmir, Anqara va Istanbul shaharlarida maxsus ixtisoslashtirilgan sudlar bor va o‘zining samarasini bermoqda.

Ikkinchi usul esa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Intellektual mulk bilan nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sud tashkil qilish mumkin va unga Respublikaning barcha hududlaridagi intellektual mulk nizolarini ko‘rish vakolati berilishi zarur. Ushbu usul Rossiya Federatsiyasida mavjud. Rossiya Federatsiyasi Oliy sudida 17 nafar sudyadan iborat hay’at faoliyat ko‘rsatadi. Ular mamlakatning butun hududidagi intellektual mulk nizolarini ko‘radi.

Shu o‘rinda intellektual mulkka doir nizolarni ko‘rishda mediatsiya institutini ham alohida ta’kidlash kerak. Mediatsiya markazlari odatda tijorat va savdo-sanoat masalalariga ixtisoslashgan turli markazlar tarkibida faoliyat yuritadi. Masalan, Shanxay tijoriy vositachili markazi Janubiy-Sharqiy Osiyodagi turli kompaniya va firmalarning intellektual mulk bilan bog‘liq nizolarini yechimini topishda muhim o‘rin tutmoqda. Butunjahon intellektual mulk tashkiloti faoliyatida ham mediatsiya va arbitraj markazi faoliyati yo‘ga qo‘yilgan. Ta’kidlash kerakki, 1994-yilda beri faoliyat yuritib kelayotgan BIMT Mediatsiya va artibraj markazi intellektual mulk hamda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan hisoblanib, domen nomlariga doir nizolarni tartibga solish (yechimini topish)da yetakchidir. Markazning asosiy g‘oyasi bu taraflarning qimmatli vaqti hamda harajatini tejashdir.

O‘zbekistonning jahon iqtisodiy jarayonlardagi integrasiyalashuvi (Jahon savdo tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga a’zolik bilan bog‘liq jarayonlar) hamda investision muhitning jadallashuvi intellektual mulk bilan bog‘liq yuzaga keladigan nizolarni tezroq va samarali usullarda yechimini topish zaruriyatini tug‘diradi. Shunga ko‘ra, mamlakatimizda ham xalqaro standartlar hamda yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida intellektual mulk huquqi (patent huquqi, mualliflik huquqi, individuallashtirish vositalari)ga nisbatan yangi qoida va normalarni keng joriy etish maqsadga muvofiq sanaladi.

 

Toshkent viloyat sudi iqtisodiy

ishlar bo‘yicha sudyasi                                                        A.K.Payg‘amov

Teglar
- -