Otaning oqilligi - farzand kamoli

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Donishmanddan so‘radilar:

-Har bir ota-onaning ezgu orzusi nima?

-Komil farzand o‘stirish.

-Bunga qanday erishiladi?

-Asosan to‘rt narsa orqali- halollik va mehribon ota-ona, qattiqqo‘l va talabchan ustoz mehnati, samimiy va sodiq do‘st hamda ma'rifat va ilm orqali.

Komil inson – jamiyat va insoniyatning eng katta yutug‘i. Har bir inson birinchi tarbiyani ota-onasidan oladi. Oilada otaning oqilligi, onaning mehri, yaqinlarning oqibati bolalar uchun eng yaxshi ibratdir. Hatto, polapon qushchalar ham uchirma bo‘lishni ota-onasidan o‘rganadi. Ularning yuksaklarga parvoz qilishi ota va ona qush uchun eng quvonchli yutuqdir. Demak, shaxs kamolotida ota-ona o‘z mas'uliyatini chuqur his etmog‘i lozim.

Ammo afsuski, ota-onalar orasida bunday fikrlamaydiganlar ham uchraydi. Ayrimlar ota-onaning vazifasi – bolani boqish, kiyintirish va moddiy ta'minlash deb biladilar. Ta'lim-tarbiya ishi esa muallimning zimmasida deb tushunadigan bunday ota-onalar hatto farzandining qaysi fanga qiziqishi, qanday orzulari bor ekanini ham yaxshi bilishmaydi. Bunday oilada ustozning qattiqqo‘l va talabchanligini ham noto‘g‘ri tushunadilar.

Albatta, shaxs kamolotida maktab va murabbiyning ham o‘rni katta. Ta'lim muassasalarida o‘tkazilayotgan dars mashg‘u-lotlari, tadbirlar va muloqotlar bola tafakkurini boyitadi. Maktab va ota-onalar hamkorligi mustahkam bo‘lsa, ana shu boy tafakkur komil inson kelajagining oltin ostonasiga aylanadi.

Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalib o‘tishimiz lozim. Maktablarda har chorak yakuni va zarur holatlarda o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishlariga ko‘proq onalar tashrif buyurishadi. Otalar esa doimo ish bilan band. Ayrim ta'lim muassasalarida ba'zan “Otalar yig‘ilishi” o‘tkazilishini ma'qullash kerak. Chunki otaning maktabga tashrif buyurishining o‘zi ham tarbiyada alohida ahamiyatga ega. Agar oilada ota hal qiluvchi ovozga ega bo‘lsa, ya'ni o‘z o‘rni va mas'uliyatini to‘la his etsa, bunday xonadonda tartib va intizom mustahkam bo‘ladi deb o‘ylayman. Buning uchun otalarimiz qaysi kasb sohibi bo‘lishlaridan qat'iy nazar ma'naviyatli shaxslar bo‘lishlari lozim. Otaning oqilligi farzandlar kamolidir degan gap bekorga aytilmagan.

 

Sanjar BAHROMOV,

70-umumiy o‘rta ta'lim maktabi amaliyotchi psixologi.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM