Inson mehrdan bahra oladi! 

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Inson mehrdan bahra oladi! 
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngli tog‘ kabi yuksaladi. Eng muhimi, hayotga intilishi, qiziqishi o‘zgarganini ilg‘aydi. Tanishlar, do‘stlar, qo‘ni-qo‘shnilarimizni ko‘rib suhbatlashsam, o‘zimni ular davrasida nihoyatda baxtli his etaman. Bir lahzada kayfiyatim o‘zgaradi. 
Xonadonimizga Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ruziyevning tashrifini eshitib rosti ishonmadim. Faollar bilan kirib kelganida ham ko‘zlarimga ishonmadim. "Bu kishi tuman hokimi bo‘ladilar, sizni ko‘rgani keldilar!-deb tanishtirganlarida xursand bo‘lib ketdim. O‘sha lahzalarda o‘zimni qanchalar baxtiyor his etganimni bilsangiz edi... 
Tuman hokimi ijodim,
"Duo qiling, mehribonlarim" nomli kitobim bilan qiziqdi. Homiylik qilishlarini bildirdi. 
Ushbu kitobimning chop etilishida o‘z yordamini ayamagan mehribon inson-Fazliddin Ruziyevga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 

 

Nilufar Hamroyeva

 

Nilufar Hamroyeva-1986-yil 9-mayda Samarqand viloyati Ishtixon tumani Azamat qishlog‘ida tavallud topgan. Bolalikdan birinchi guruh nogironi. U maktab ta’limini olmagan, uyda yakka tartibda o‘qitilgan. 
Mashhur radioboshlovchi Vahobiddin Ziyo hamda she’riyat shaydolarining sevimli shoirasi, taniqli ijodkor Zebo Mirzolarni o‘ziga ijodiy ustoz deb biladi. Nilufarning bir necha she’rlari kuyga solinib, xonandalar tomonidan ijro etilgan. 
Ayni kunlarda mashhur bastakor Qamariddin Ziyo bilan ijodiy hamkorlikda yangi taronalar yaratish ustida ishlamoqda. 
Nilufarning "Baribir men seni sevaman, hayot!",
"Taskin"," Qalbingizda yashayman men" deb nomlangan she’riy to‘plamlari chiqqan. 
She’rlari vaqtli matbuotda tez-tez yoritilib boriladi.

DUOGO‘YLARIM 
Holim so‘rab, ko‘nglimga qarab, 
Yaxshi - yomon kunimga yarab, 
Har lahzada jonim oromlab,
Mehr bisyor, oqibat serob, 
Siz bor uchun duogo‘ylarim. 

Boshim silab berguvchi dalda, 
Goho ko‘nglim cho‘kkan mahalda, 
Soyabonsiz yomg‘irda  do‘lda, 
Kunduzi kech, hatto saharda, 
Siz bor uchun duogo‘ylarim. 

Yaralgan deb bir kamli dunyo, 
Dard, sitamga qilmayman parvo.
Qush misoli uchaman go‘yo,
Men baxtliman, yagona,tanho.
Siz bor uchun duogo‘ylarim! 

O‘KINCH
Nega buncha olis ketding, quyoshim, 
Hech to‘xtamas bo‘ldi ko‘zdagi yoshim. 
Zulmat ichra ziyo axtarib qoldim, 
Hayot  ko‘p sinading, mening bardoshim. 
Olislarga chorlar umid otli sham, 
Nahot yolg‘on bo‘lsa undagi nur ham. 
Baribir ishonchim juda mustahkam,
Oldinga chorlaydi umid quyoshim.

UNUTGANLARIM 
Qancha mehr berdim, bilmayman, 
Sizga bo‘lgan sevgim aytmayman.
Sirlarimni pinhon saqlayman, 
Unutganlarim. 

Xayol surdim gohida mahzun,
Armonlarim tun kabi uzun.
Siz yurakda alamli tutun-  
Unutganlarim. 

Yashayapman o‘zni aldab, 
Yuragimga armon qadab,
Umidlarim hanuz yo‘l qarar,  
Unutganlarim. 

Qadring arzon ekan,bilmadim,
Ko‘nglim vayron ekan,
bilmadim. 
Borsa-kelmas 
Unutganlarim. 

Endi dilga sabr so‘rayman, Qachongacha jabr ko‘ray man. 
Sizga bugun baxtlar tilayman,  
Unutganlarim. 
  
ISHTIXONIM 
Osmoningda oy va quyosh porlab turar, 
Quchog‘ingda o‘g‘il - qizing davron surar. 
Samarqandning bag‘ridasan,  dunyo bilar, 
Ishtixonim, mening jon-u – jahonimsan,
Onamdayin ko‘ksi dunyo makonimsan.

Alplarida Temur bobom mardligi bor, 
Donoligi Ulug‘bekdan qolgan yodgor.

Farzandlari sadoqatdan aytar alyor, 
Ishtixonim, mening jonu – jahonimsan, 
Onamdayin ko‘ksi dunyo makonimsan. 

Qizlariga Bibixonim shahdi o‘tgan, 
Kokillarin Zarafshonning suvi yuvgan. 
Ko‘zlarida hayo – iffat nozi kulgan, 
Ishtixonim, mening jon-u – jahonimsan, 
Onamdayin ko‘ksi dunyo makonimsan. 

Asrlardan sado berar, ochar chiroy, 
Kelajakka tashlar qadam – tarixi boy. 
Deyishadi tulpor izin bosadi toy, 
Ishtixonim, mening jon-u – jahonimsan, 
Onamdayin ko‘ksi dunyo makonimsan! 

SEN KECHIKDING

Sen kechikding, kechkib kelding, 
Ulgurmading, xayr demoqqa.
Yodga olmay, istamay qo‘yding, 
Ulgurmading bir so‘z aytmoqqa.

Yillar ortda qoldi,intiqman.
Qalbim yashar faqat sen bilan.
Hamon intilaman senga qaytmoqqa...

Yig‘layabsan… 
Sog‘inibsan-a, 
Afsus, qadrim kech tushunibsan-da, 
Kutayabsan… 
Og‘rinibsan-da, 
Kutmoq og‘ir, o‘lmoq-chi oson. 

ONAMGA 

Tinglang, so‘zlarida  duo bor,
Kimdir uning mehriga zor.
Har ishimda menga madadkor,
O‘xshagim keladi onamga.

Onajon, kuzataman tongdan, 
Qizim, deb erkalab dildan. 
Tog‘lar bahra olar sehrdan, 
O‘xshagim keladi onamga.

Onamning ko‘ziga qarasam,
Yuragim mehrga to‘ladi.
Birgina tilagim istagim:
Onamga o‘xshagim keladi.
Har so‘zi chorlaydi iymonga,
Mehri-chi, tutashdir osmonga.
Ta’zimdaman buyuk insonga,
Onamga o‘xshagim keladi.
Yayraydi,yashnaydi dil bog‘im,
Ishonganim udir, suyanch panohim.
Sog‘ bo‘lsin deyman-da ilohim,
O‘xshagim keladi onamga!

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM