Tuman hokimining 25-may maktab bitiruvchilariga tabrigi
Qadrli maktab bitiruvchilari!
Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga – umringizning yanada go‘zal va mas’uliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Tumanimizdagi barcha umumta’lim dargohlarida «so‘nggi qo‘ng‘iroq»lar yangrab, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashuv tadbirlari o‘tkazilayotgan ushbu quvonchli va g‘oyat hayajonli damlarda hammangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizda dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan yana bir bor tabriklayman.
Kelajakda sizni yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan cho‘qqilarga albatta erishasiz.
Barchangizga ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling!
Intilib, izlanib yashashdan aslo to‘xtamang!
Baxt va omad hamisha hamrohingiz bo‘lsin!
Fazliddin Ruziyev,
Ishtixon tumani hokimi
8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tuman hokimining bayram tabrigi
Assalomu alaykum, Aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami 8 mart — Xotin-qizlar kuni bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy muborakbod etaman!
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, siyosiy-iqtisodiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.
Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan Siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin.
Bu borada Davlatimiz rahbarining "Siz, hurmatli ayollarimiz o‘zingizning onalik mehringiz, hayotiy bilim va tajribangiz bilan farzandlarimizni turli xavf-xatarlardan asrashda, ularni mustahkam irodali, ma’naviy-intellektual jihatdan yetuk, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda bundan buyon ham kuch-g‘ayratingizni ayamaysiz, deb ishonaman. Ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy bilimlar, kasb-hunarlarga o‘rgatishda biz avvalo sizlarga suyanamiz" degan so‘zlari har jihatdan ibratlidir.
Islohotlarning bosh mavzusi – insonni qadrlash, fuqarolar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish ekan, bu o‘rinda ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar bo‘layotganligi barchamizni mamnun etadi.
Eng muhimi har bir oila o‘rganilmoqda. O‘tgan yili sektor rahbarlarining xatloviga asoslangan holda shakllantirilgan 38 ming 886 nafar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlardan 5 ming 780 nafari “Ayollar daftari”ga kiritildi va zarur yordamlar ko‘rsatildi.
1771 nafar ishsiz xotin-qizlardan 487 nafarini bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. 25 nafariga 75 gektar yer maydonlari ajratildi,
1131 nafar turli yoshdagi xotin-qizlarga o‘zini band qilish maqsadida 110 million 600 ming so‘mlik asbob-uskunalar olib berildi. Oliygohlarda ta’lim olayotgan talaba qizlarga 384 million 600 ming so‘m shartnoma to‘lovlari amalga oshirildi.
O‘z navbatida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 3697 nafar xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam pullari to‘landi, 38 nafar opa-singillarimizga davolanish va sog‘liklarini tiklash uchun 83 million 400 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari jarrohlik amaliyotiga muhtoj 16 nafar xotin-qizlarga yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. O‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va shu orqali oila iqtisodini tiklash istagida bo‘lgan 250 nafar xotin-qizlarga kreditlar ajratildi. 32 nafar xotin-qizlarga uy-joylarini ta’mirlash uchun 96 million 700 ming so‘mlik qurilish materiallari yetkazib berildi. Yaqinda tumanimizdan 460 nafar xotin-qizlarning tarixiy obidalarga boy bo‘lgan Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohati tashkil etildi.
Prezidentimizning PQ–376-sonli qaroriga asosan, 21 ta mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi tashkil etilib, 230 nafardan ziyod opa-singillarimizni bandligi ta’minlandi.
“Ishtixon ovozi” gazetasida ko‘p yillar mehnat faoliyatini olib borgan Muqaddam Hayitova “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani opa-singillarimiz mehnatga berilgan munosib bahodir.
O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba Jahon chempioni bo‘lgan bokschi qizlarimiz Nigina O‘ktamova “Osiyo o‘yinlari”da faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib “Fransiyaning Parij shahrida bo‘ladigan yozgi olimpiya o‘yinlari”ga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, Gulsevar Gʻaniyeva “Osiyo chempionatida faxrli birinchi o‘rinni egallab” yurtimiz bayrog‘ini yana bir bor Jahon arenalarida yuksaklarga ko‘tardi, Musurmonova Maftuna “Jahon chempionatida” ikkinchi o‘rinni, Bozorboyeva Sanobar, Shakarova Ruxshonalar “Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinlar”ni qo‘lga kiritganligi maqtovga sazovor. (Bu qizlarimizning onalariga yana bir marotaba o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.)
Hurmatli onaxonlar, opa-singillar, munis qizlar!
So‘zimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!