Hokim va deputatlar hamjihatligi — tuman taraqqiyoti garovi
Hokim va deputatlar hamjihatligi — tuman taraqqiyoti garovi
Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ruziyev tuman xalq deputatlari bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazdi.
Uchrashuvda tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, hukumat qarorlari va davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, ularni joylarda to‘g‘ri va samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamada so‘z olgan hokim deputatlarning joylardagi faolligi, aholi bilan muloqoti va tashabbuskorligi tuman rivojlanishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
— Hukumat qarorlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini fuqarolarga chuqur tushuntirish — har bir deputatning burchi. Yangi islohotlar, joriy loyihalar va yangilanishlar aholining hayotini yaxshilashga qaratilgan. Shuning uchun har birimiz befarq bo‘lmasdan, tashabbuskorlik bilan ish tutsak, natija albatta seziladi,
— dedi tuman rahbari.
Uchrashuv davomida deputatlar tomonidan ham joylarda kuzatilayotgan ayrim muammolar, fuqarolar takliflari va ularni hal etish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Tuman hokimi bildirilgan takliflarni diqqat bilan eshitib, tegishli rahbarlarga aniq vazifalar yuklatdi.
Muhokama yakunida hokim deputatlarni aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lish, islohotlar mazmun-mohiyatini keng yoritish hamda davlat dasturlarining sifatli ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishga chaqirdi.
——
ISHTIXON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI




