insurez
06-05-2025 20:39

Ishtixon tumani fermerlar Kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga, klasterlar va qishloq xo‘jaligi xodimlariga MUROJAATI


Ishtixon tumani fermerlar Kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga, klasterlar va qishloq

xo‘jaligi xodimlariga

MUROJAATI

 

Hurmatli fermerlar, mirishkor dehqonlar!

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 1-2 may kunlari Xorazm viloyatida bo‘lib, hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida Xorazm viloyatini qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekinlarni yuqori agrotexnik darajada parvarishlash, fermer xo‘jaliklarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtixon tumanida ham Iqtisodiy imkoniyatlar — ishonchli kelajak asosi ekanligini hisobga olib, 4 ta loyiha doirasida 62 mln dollarlik investisiyalar jalb etish, 500 gektar yerni qayta foydalanishga kiritish,
207 gektar uzumzor yaratish, 95 km ichki ariq va 31.2 km kanal betonlashtirish zarurligi qayd etildi.

Suvni iqtisod qilish bo‘yicha tumanda fermer va dehqonlar tomonidan
670 gektar yer maydonini lazerli tekislash yo‘lga qo‘yilgani, 1020 gektar yerga esa suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilganligi natijasida yiliga 2,5 mln kub metr suv iqtisod qilingani ta’kidlandi.

 Bundan tashqari tumanimizdagi fermer va dehqonlarimiz innovasion texnologiyalarga asoslangan holda yanada samarali mehnat qilib,  paxtadan
45-50 syentnerdan, g‘alladan esa 80-100 syentnerdan hosil olish orqali daromadlarini oshirish, shu bilan birga tumanimiz aholisini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashni maqsad qilishgan.

 

Hurmatli fermerlar!

 

Mevali bog‘lar, hosilga to‘la dalalar, to‘kin dasturxonlar — bularning barchasi Sizlarning kundalik, fidokorona mehnatingiz samarasidir.

Biz ishonamizki, sizlar bu yil ham o‘z tajriba va zamonaviy yondashuvlarga suyangan holda yuqori natijalarga erishasiz. Sizlarni yanada shijoat bilan mehnat qilishga, Ishtixon tajribasini butun mamlakatga namuna qilib ko‘rsatishga chaqiramiz!

Har biringiz bilasizki, qishloq xo‘jaligidagi asosiy maqsad — yuqori hosil, past tannarx va barqaror daromadga erishish. Buning uchun davlat tomonidan keng ko‘lamli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Har yili minglab gektar yerlarda zamonaviy sug‘orish texnologiyalari (tomchilab va yomg‘irlab sug‘orish) joriy etilishi, lazerli tekislash, energiya tejaydigan texnika va quyosh panellari kabi innovatsiyalarni qo‘llash qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ilm, texnologiya va tajribani asosiy ish quroliga aylantirgan zamonaviy fermerimiz mineral o‘g‘itlar o‘rniga biotexnologiyalardan oqilona foydalanishga intilib, ilmiy tavsiyalar asosida hasharotlar va kasalliklarga qarshi biologik usullarni keng joriy etilmoqda. Zero, har bir yurtdoshimiz yaxshi biladi: bugungi fermer faqat yerda ishlaydigan odam emas — u agrobiznes yetakchisi, tadbirkor va mutaxassisdir. Shu boisdan har bir hududda mahalliy sharoitga mos agrotexnik tadbirlar belgilanmoqda.

 

Hurmatli dehqon va fermerlar!

 

Ayni kunlarda g‘alladan yuqori hosil kutilmoqda. Hosilga hosil qo‘shib, yuqori marralarga erishish uchun quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb ishlarni amalga oshirishimiz zarur:

- g‘alla hosili pishishi arafasida dala maydonlarini suv bostirmasdan peshma-pesh sharbat usulida sug‘orish ishlarini amalga oshirishimiz kerak;

-  hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda o‘rim kombaynlarini mavsumga tayyorgarligini yana bir bor ko‘rib chiqish zarur.

Tumanimizda paxta ekish mavsumi muvaffaqiyatli yakunlandi. Dalalarda g‘o‘zadan to‘liq nihol undirib olindi. Eng muhimi  suvning oldingi yillarga nisbatan ko‘payishi bu yilgi hosilning mo‘l bo‘lishi garovidir. Yuqori xirmon yaratish uchun bugun quyidagi agrotexnik tadbirlarni kechirtirmasdan amalga oshirish talab etiladi:

- tumanda har bir fermer kesimida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shu asosda ishlarni aniq tashkil qilish lozim;

- g‘o‘za unib chiqqan maydonlarda gektariga 200 kg karbamid va 100 kg kaliyli mineral o‘g‘iti bilan kultivatsiya qilish zarur;

-g‘o‘za maydonlaridagi mavjud begona o‘tlarni tez fursatda tozalab, begona o‘tdan tozalanmagan g‘o‘za maydonlariga mineral o‘g‘it bermaslik bo‘yicha fermer xo‘jalik rahbarlarini qat’iy ogohlantirish lozim;

-suvchilarga to‘liq sharoit yaratib bergan holda, g‘o‘zani sug‘orishda suvning isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymasdan, 1- va 2- sug‘orish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash chorasini ko‘rish zarur;

- rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘za maydonlarini qo‘shimcha oziqlantirib, shu qatori qo‘shimcha kultivatsiya, chuqur yumshatish, suspenziya sepish ishlarini hamda sug‘orishni faqat sharbat va fekal bilan o‘tkazish kerak;

- tuman ishchi guruhlari mavjud muammolarni dalaning o‘zida hal qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha zudlik bilan qo‘shimcha agrotexnik tadbirlar belgilab, xar bir dalaga nazorat uchun mas’ullarni biriktirishi lozim;

-birinchi navbatda agrotexnik tadbirlarni ekini sust rivojlangan maydonlarda boshlanishiga alohida e’tibor qaratish kerak;

- OVX purkagichlari yordamida barcha fermer xo‘jaliklari suspenziya uchun ishchi eritmani asosan ertalabki va kechki salqin paytlarda sepishni, eng asosiysi g‘o‘zaning o‘sish va rivojlanishini rostlab borish maqsadida zamonaviy “PIKS” preparati bilan ishlashni tashkil qilishi lozim;

- g‘o‘zaning turli kasalliklari, hasharotlarga qarshi kurashish uchun biolaboratoriyalarni to‘la quvvat bilan ishlatish lozim. Asosan, biomahsulotlarni dalaga ertalab soat 5:00 dan 9:00 gacha, kech soat 16:00 dan 20:00 gacha belgilangan tartibda  chiqarish kerak. Har bir gektar g‘o‘za maydoniga 2 tadan feromon tutqich va 10 ta suyuqlik solingan idishlarni o‘rnatish hamda har 3 kunda suyuqlik, kley va kapsulalarni yangilab turish shart (albatta mutaxassis tavsiyasi asosida).

 

                  Hurmatli fermerlar va klaster rahbarlari!

Sizlarning fidokorona mehnatingiz natijasida aholi tabiiy, sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda. Qishloqlarda hayot sifati yaxshilanib, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Eksport salohiyati ortib, yurtimiz brendini dunyo tanimoqda.

Ayni kunlarda g‘alla va paxta dalalaridagi barcha agrotexnik tadbirlarni tezkorlik bilan, aniq reja asosida amalga oshirish talab etiladi. Buning uchun suvni tejab, belgilangan muddatda sug‘orishni ta’minlash, mineral o‘g‘itlardan va yerdan oqilona foydalanish hamda o‘rim-yig‘imga sifatli tayyorgarlik ko‘rishga qat’iy bel bog‘lash, bu muddatlarni o‘tkazib yubormaslik zarur.

Biz ishonamizki, fermerlarimiz bilim, tajriba va mehnatsevarligi bilan bu yil ham yuksak natijalarga erishadilar!

 

Ishtixon tumani fermerlari Kengashi Rayosati

Teglar
- -