Ishtixon tumanida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi
Ishtixon tumanida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi
Bugun Ishtixon tumanida ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, milliy qadriyatlarning avlodlar o‘rtasida uzviylikda davom etishini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Nodira Musayeva, Samarqand viloyati “Nuroniy” jamg‘armasi vakili Gulbahor Xusainova, Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Ruziyev, tuman “Nuroniy” jamg‘armasi rahbari Boxodir Xidirov hamda nuroniylar, faol yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida katta avlod vakillari tomonidan yoshlarga yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, ota-bobolarimiz qoldirib ketgan ma’naviy meros, urf-odat va an’analar, milliy g‘urur va vatanparvarlik haqida chuqur ma’noli suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlar o‘zlarining bilimlari, qarashlari va tashabbuslari bilan bo‘lishib, keksa avlod vakillari bilan ochiq muloqotda bo‘lishdi.
Tadbirda tuman hokimi Fazliddin Ruziyev so‘zga chiqib, bu kabi uchrashuvlar yoshlar qalbida faxr, mas’uliyat va vatanga bo‘lgan sadoqat tuyg‘usini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
— “Uch avlod uchrashuvi” — bu na faqat muloqot maydoni, balki ruhiy yaqinlik va ma’naviy tayanch hamdir. Yoshlarimiz keksa avlodning hayotiy tajribalariga, ibratli saboqlarga muhtoj. Shu bois bunday tadbirlarni doimiy ravishda o‘tkazish muhim.
Bunday uchrashuvlar jamiyatda avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, aloqadorlik va ma’naviy vorislikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
——
ISHTIXON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI