RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda Boylata qishlog‘idagi ijtimoiy uylarda pechka yoqish taqiqlangani haqida tarqagan videolavha yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. Birinchidan, tarmoqlarda tarqalgan videolavha o‘tgan yilgi holatni aks ettiradi. Ushbu video hozirgi vaziyat sifatida talqin qilinishi mutlaqo noto‘g‘ridir. Ikkinchidan, 2025 yil qish fasli boshlanganidan buyon Ishtixon tumaniga hali biror marta qor yoqmagan. Videodagi iqlim sharoiti ham bundan dalolat bermaydi va hozirgi kunga mos kelmaydi. Mazkur holatda ayrim sahifalar tomonidan asossiz ma’lumotni joriy yil voqeasi sifatida ko‘rsatilishi — noto‘g‘ri va yolg‘on axborot tarqatish hisoblanadi. Fuqarolarimizdan axborot manbalarini tekshirmasdan tarqatmaslik so‘raladi. Boylata MFY raisi, MFY hokim yordamchisi va Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari ishtirokida ijtimoiy uylarda yashovchi fuqarolar xonadonlarida o‘rganish ishlari o‘tkazildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra: 🔸 har bir xonadon ikki konturli elektr isitish moslamasi bilan jihozlangani; 🔸 ushbu tizimdan qish-yoz mavsumlarida foydalanish belgilangani; 🔸 Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 649-son qarori 123-bandiga muvofiq, kulbola, nostandart isitish pechlaridan foydalanish ta’qiqlangani aholiga tushuntirilgani tasdiqlandi. Shu bilan birga, tuman hokimining topshirig‘iga asosan: — elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, — isitish uskunalarining texnik holatini yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazish, — ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar sharoitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilab berildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan har bir murojaat tuman rahbariyati uchun muhim. Aholining, ayniqsa bolali va kam ta’minlangan oilalarning muammolari tezkor hal etilishi bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.




