Yo'l harakati xavfsizligi: bugunning dolzarb muammosi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Yaqinda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida Prezident Sh.Mirziyoyev yo'l harakati xavfsizligi masalasiga alohida to`xtaldi.

Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek o`tgan 2021 yilda 10 mingdan ziyod avariyalar sodir etilgan, 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan 263 nafar bola halok bo'lgan…

 

Hatto, har kuni televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali aytilayotgan bu sovuq xabarlar zamiridagi fojia xiralashib, hissiz statistik raqamlarga aylanib qoldi deyish mumkin.

Bu borada tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida tuman IIB YHXB boshlig`i Fayzullo Hamidov bilan suhbatlashdik.

-Tumanimiz hududidagi yo`llarda yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma`lumot bersangiz.

-Joriy yilda Respublikamizning barcha hududlarida "Xavfsiz yo`l va xavfsiz piyoda" umummilliy dasturi amalga oshiriladi. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad esa yo`lovchilar va haydovchilar xavfsizligini ta`minlash, ular ishtirokida yuz berayotgan baxtsiz hodisalarni keskin kamaytirishdir. Bu borada tumanimizda ham izchil ishlar olib borilmoqda. Jumladan, tuman hududida joylashgan 97 ta umumta`lim maktabining 50 tasiga soatiga 30 kilometr tezlik cheklovini ko`rsatuvchi yo`l belgilari o`rnatildi. Shu vaqtgacha bu ko`rsatkich 50 kilometrni tashkil qilar edi. Bundan tashqari ushbu hududlarda sun'iy notekisliklar o`rnatilmoqda.

Ishtixon shahrining asosiy ko`chalariga qoidabuzarliklarni aniqlovchi kuzatuv kameralari o`rnatilmoqda.

Ishtixon “Dehqon bozori” atrofida non mahsulotlari va meva sotuvchi tadbirkorlar yo`lning qatnov qismiga chiqib ketgan,bu haydovchi va yo`lovchilarning harakat-lanishiga noqulaylik tug`dirayotgan edi. Bundan tashqari tuman hokimi Sh.Negmatov tashabbusi bilan mashinalar to`xtash joyi va piyodalar yo`lkalarini o`zboshimchalik bilan egallab olgan turli yengil konstruktsiyali savdo rastalari ham boshqa joyga ko`chirildi va bu tartibsizliklar bartaraf etildi. Bu kabi ishlar Mitan shaharchasida ham olib borilmoqda.

-Yuz berayotgan turli avtohalokatlarga asosiy sabablar sifatida nimalarni aytgan bo`lardingiz?

-Mashina boshqarish ba'zi kishilar uchun oddiy mashg'ulotdek tuyuladi. Aslida esa bu haydovchidan katta mas'uliyat va mahorat, yo'l harakati qoidalarini yaxshi bilish va bosiqlikni talab etadi. Zero, yuz berayotgan avtohalokatlarning asosiy sababi inson omili, ya'ni haydovchilarning yo'l harakati qoidalarini yaxshi bilmasligi yoki unga amal qilmasligi, tezlik me'yorlariga rioya qilmaslik, spirtli ichimlik iste'mol qilib mashina boshqarish, avtomo-bilning texnik holati talabga javob bermasligi kabi qator omillardir. Shu o'rinda yana bir muhim jihatni ta'kidlab o'tish kerakki, yo'l harakati qoidalari nafaqat haydovchilar, balki piyodalar uchun ham birdek daxldordir. Ammo, aksariyat piyodalar yo'lni kesib o'tishda svetaforning ta'qiqlovchi chirog'iga ham, piyodalar uchun belgilangan maxsus yo'lakchalarga ham e'tibor qilishmaydi. Shu bois bu kabi fojealarning asosiy sababi yo'l harakati ishtirokchilarining belgilangan qoida bo'yicha bilim va madaniyati yetarli darajada emasligi deb aytish mumkin.

-Bu holatni bartaraf etish uchun qanday choralar ko`rish lozim deb hisoblaysiz?

-Bir vaqtlar yo'l harakati qoidalari maktab partasidanoq o'quvchilarga ko'rgazmali qurollar asosida o'rgatilar, buning uchun alohida dars soatlari ajratilgan edi. Ammo, hozir nima uchundir, bu darslar maktabda o'qitiladigan fanlar qatoridan olib tashlangan. Albatta, xodimlarimiz tomonidan ta`lim muassasa-larida muntazam ravishda yo'l harakati qoidalari bo'yicha turli tadbirlar o`tkazib boriladi. Biroq, insonning hayot xavfsizligi bilan bog'liq bo'lgan bu fan tizimli ravishda, yoshga moslashgan holda barcha sinflarda tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo'lardi.

-Mazmunli suhbat uchun katta rahmat!

-Ayni paytdagi eng dolzarb muammolardan biriga e`tibor qaratganingiz uchun sizga ham rahmat! Shu o`rinda men yurtdoshlarimizga ham bir murojaat bilan yuzlanmoqchi edim. Avtomobil uzog'imizni yaqin qiluvchi beminnat dastyor, ammo o'zimizning aybimiz bilan u bizni nogiron yoki undan ham achinarlisi hayotimizga zavol bo'luvchi vositaga aylanib qolmasin. Yo`l harakati qoidalariga rioya qiling!

 

Olim QO'CHQOROV suhbatlashdi.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM