Ishonmagin do‘stingga...

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

R.S qo‘shni tumanlarning birida yashovchi kollejda birga o‘qigan kursdosh do‘sti telefon qilganida u bilan yayrab suhbatlashdi. Uning O‘zbekiston Davlat Jismoniya tarbiya va sport Universitetida tahsil olayotganini eshitib juda havasi keldi.

-Men esa o‘qishga kirolmadim, do‘stim, yetarli ball to‘play olmadim. Ammo, baribir o‘qimasam bo‘lmaydi. Kollejning diplomi bilan ishlash qiyin,-dedi unga ko‘nglini ochib.

- Ey, bu muammo emas-ku hozir, amaliy sinovlardan yukori ball to‘plasang, imtihonlar unchalik qiyin bo‘lmaydi,- dalda berdi “do‘sti” sinovchan ovozda.

- Ana shu masalada qiynaldim-da...

Do‘stga esa aynan mana shu narsa kerak edi. U shu qadar ustalik bilan gapga kirishib ketdiki, do‘stining yengidan kirib, yoqasidan chiqdi. Universitetidagi domlasining tog‘asi oliygoh prorektori ekani, bunaqa ishlar unga hech narsa emasligini aytib, R.S.ning ishonchiga kirdi. Uch yil musofirlikning nonini birga yegan o‘rtog‘ining taklifidan R.S. juda quvondi. O‘zini xuddi oliygohga allaqachon kirib olgandek his etdi.

Rahmonxo‘janing esa maqsadi butunlay boshqa edi. Ayni shu pallada oliygohning shartnoma to‘lovidan qiynalib yurgan, buning ustiga onasining tobi qochib, xarajatlari ortgani uchun unga mo‘may pul kerak edi. Do‘stining osongina qarmoqqa ilinganidan u ham quvondi.

Kelishilgan kuni R.S. unga pulning bir qismini yetkazib berdi. Oradan bir muddat o‘tgach o‘rtog‘i qo‘ng‘iroq qilib pasport nusxasi va yana 100 AQSh dollari tayyorlab qo‘yishi kerakligini aytdi. Bungacha esa R. qishloqdagi do‘stlari bilan suhbat orasida hozir bunaqalarga ishonib bo‘lmasligini eshitib, ko‘ngliga shubha oralay boshlagan edi. Shuning uchun:

-Pul tayyor do‘stim, faqat Toshkentga siz bilan birga borib, domlaning o‘zi bilan yuzma-yuz gaplashib olmoqchi edim,- dedi.

Albatta, Rahmonxo‘ja do‘stidan bu gapni kutmagan edi. Bir oz jim qolgach:

-Mayli-yu, faqat bugun-erta mening vaqtim yo‘qroq edi-da,-deya mujmal javob berdi.

-Vaqtingiz bo‘lmasa, o‘sha domlangizning telefon raqamini bering, bir maslahatlashib olaylik,- dedi R.S. do‘stining talmovsirayotganini ko‘rib.

-Domlaning telefon raqami menda yo‘q-da,- deya battar muozam bo‘ldi Rahmonxo‘ja.

Shunday qilib uning aldayotgani aniq bo‘lib qoldi va ikki do‘st o‘rtasida gap qochdi. Oxiri Rahmonxo‘ja undan hech qanday pul olmaganini aytib turib oldi.

-Do‘stim, chakki qilayapsiz lekin, men ikkimizning barcha suhbatlarimizni telefonimga yozib olganman. Bu audio yozuvlarni tegishli joyga topshiraman!-dedi oxiri R.S.

Buni eshitgan hojatbaror shoshib qoldi. Ishtixonga kelib unga pullarning bir qismini, ya'ni 2100 AQSh dollarini berdi va hozircha puli yo‘qligi, ammo, qolgan qismini ham tez orada keltirib berishini aytdi. Ammo, aytilgan muddat bir necha bor o‘tib ketgan bo‘lsa-da, undan darak bo‘lavermadi. Tayyor pulni qo‘li bilan berib, ortidan yuguraverishdan toliqqan yigit O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtiqodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Ishtixon tuman bo‘limiga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi va bo‘lim xodimlarining aralashuvi bilan do‘stida qolib ketgan 600 AQSh dollarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Biz bu voqeani bekorga esga olmadik. Bu yilgi oliygohlarga hujjat topshirish muddati ham tobora yaqinlashmoqda. Bu albatta, ayrim tovlamachilar uchun juda qulay fursat hisoblanadi. “Falon oliygohga kirishda yordam beraman!”-deydigan hojatbarorlarni uchratsangiz, aslo ularga ishonmang. Yaxshisi, halol yo‘l bilan talaba bo‘lishga harakat qiling!

 

A.Fozilov,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi  huzuridagi iqtiqodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Ishtixon tuman bo‘limi ispektori, adliya maslahatchisi.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM