Bog’larga bahor keldi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bahor bog'larga o'zgacha go'zallik baxsh etadi. Chamandek gulga burkangan daraxtlarga qarab maftun bo'lasan kishi. Gullardan taralayotgan muattar hidlarni aytmaysizmi!

Fermer Rohila Xolmatova tabiat shaydosi. Bolaligidan qishloq dalalarini kezib yerga mehr qo'yib o'rgangan emasmi 1998 yildan buyon “Barkamol nihol mevasi” fermer xo'jaligiga rahbarlik qilib kelmoqda. Yillar davomida g'alla va paxta rejalarini ortig'i bilan uddalaydi. Ayni vaqtda Kichkina qirg'iz qishlog'idagi 1 gektar maydondagi olmalarni parvarishlab keladi. Erta bahorda pishadigan dasturxoni olma navining ko'rinishi, shirinligi boshqa navlardan farq qiladi. Xush bo'y taratib, qip-qizil, taram-taram bo'lib pishgan vaqtda ko'rgan kishining ko'zi quvonadi.

Rohila fermer har yili bir yangilik yaratishga harakat qiladi. Yo'l va ariq yoqalariga 100 tupdan ortiq tut ko'chatlarini keltirib ekdi. Axir yil sayin ipak qurtiga ozuqa yetishtirishda taqchillik sezilayotir.Nihollar parvarishiga alohida e'tibor qaratmoqda. Chunki faqat ekib qo'yish bilan ish bitmaydi. Payhon bo'lishdan, qurib qolishdan saqlash uchun mehnat, ehtiyotkorlik ya'ni o'z vaqtida oziqlantirish zarur.

-Qishloqlarda bo'sh yotgan yerlar uchraydi. Tomorqadan, umuman olganda har qarich yerdan ham unumli foydalanish kerak. Buning uchun ozgina harakat zarur,-deydi u kishi. O'zi bu aqidaga amal qilib keladi. Xatirchi kanali yoqasidagi tashlandiq yerlardan 1 gektarga yaqinini begona o'tlardan tozalab, tekislab o'zlashtirdi. Bu yil kartoshka ekdi. Kelgusi yil bog' yaratish niyatida.

Fermer xuddi gulga burkangan bog'larini sevgandek adabiyotni ham sevadi, she'riyatga ixlosi baland. U kishi bitgan satrlarni o'qiganingizda vujudingizga titroq kiradi. Bugungi farovonlik, osoyishta hayot ilhom manbaidir. Demak, yaratish, hayotda dadillik bilan oldinga intilish ishqi fermerga orom bermaydi. Biz ham bog'lari har bahor gulga burkanishini, fermer ijodkor undan huzurlanishini tilaymiz!

 

Gulchehra USMONOVA.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM