Yomonning bir qilig'i

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Sh. (ismlar shartli harflar bilan ifodalangan) qo'shni mahallalarning biridagi kasb-hunar kolleji binosida Navro'z bayrami o'tkazilayotganini eshitib, taraddudga tushib qoldi. G'irt bekorchi bo'lganidan keyin shu-da, kunini o'tkazish uchun ham ko'chama-ko'cha yurishdan erinmaydi. Qayerda bayram yoki biror tadbir bo'lsa, tomoshabin bo'lishga oshiqadi.

Bayram tadbirida odam ko'p, aksariyati yosh-yalanglar. Sh. kollej hovlisida aylanib yurib tanishi U. ni ko'rib qoldi.

-Ha oshna, bayramga keldingmi? - dedi salomlashar ekan sinovchan nigohlari bilan uni sinchiklab kuzatib.

-Shu kollejda o'qiyman-ku, aka, bayram ham o'zimizniki-da,-dedi U. eski tanishiga xushmuomalalik bilan. -Xush kelibsiz aka!

-Xush keldik, ukam! Ha, endi  bunday o'qiydigan joylaringni tomosha qildir-maysanmi bizga? Bu yoqqa bir qarab yuborasanmi, ukam?- shunday deya Sh. talaba yigitni bir chetga imladi. Ikkisi yolg'iz qolishgach Sh. jiddiy qiyofada tanishiga yuzlandi:

 -Bir kelib qoldik-da, ukam,  ozgina puldan qarashib turasan endi!

Albatta, U. bu gapni kutmagan edi. Bir oz dovdirab qoldi va ortiqcha puli yo'qligini aytib uzr  so'radi. Sh. ga esa bunaqa   mulozamat emas, pul kerak edi. Talabani shu yaqinda joylashgan sport zaliga sudradi. Zalning sport anjomlari saqlanadigan xonasiga olib kirib oldin do'q-po'pisa qildi, o'smir gapga ko'navermagach yuziga bir musht tushirib "esini kiritib qo'ydi".

Keyin esa shimining orqa cho'ntagidagi 200.000 so'm pul va old cho'ntagida turgan "Nokia-220" rusumli uyali telefonini tortib oldi.  O'smir Sh.ni oldindan tanigani uchun ham undan hech bo'lmasa telefonini qaytarib berishini so'radi. Lekin buning o'rniga tan jarohati olishiga to'g'ri keldi.

Albatta, 25 yoshli yigit uchun qo'lga kiritilgan pul arzimas miqdorda bo'lishi mumkin. Ammo, talaba o'smir ham puli, ham telefonidan ajrashi, buning ustiga tan jarohati olishi alamli-da!

...Sh.ning bu qilmishi albatta jazosiz qolmadi. U jabrlanuvchidan uzr so'rab, keltirilgan moddiy zararni to'la qoplab  berishga majbur bo'ldi, albatta. Ammo, "talonchi" degan nom unga mana shu qilmishidan "sovg'a" bo'ldi.

Ha, qo'shni tumanlarning birida sodir bo'lgan bu hodisa albatta, boshqalarga ham saboq bo'lishi lozim. 25 yoshli yigit halol mehnat qilsa, bir oilani boqishi, ota-onasining duosini olishi mumkin. Ammo, allaqachon bir kasbning boshini tutish o'rniga, o'tganning o'rog'i-yu, ketganning ketmonini olib yurish uyat.

"Yomonning bir qilig'i ortiq" deb shunga aytadilar-da!

 

A.XOLBOYEV,

Samarqand viloyat sudi sudyasi.

   K.PANSATOV,

jinoyat ishlari bo'yicha Ishtixon

 tuman sudi raisi.

 

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM